BirMillaters
Shaxlo Ashurqulova — BirMillat, Hududiy Koordinator, Samarqand viloyati

Shaxlo Ashurqulova

Hududiy Koordinator

Samarqand viloyati

Men haqimda

Assalomu alaykum! Men Ashurkulova Shaxlo, Samarqanddagi 84-maktabning 10-sinf o‘quvchisi, yosh yetakchi va ijtimoiy loyihalar muallifiman. 14 yoshimdan O‘zbekiston bolalar tashkilotining Samarqand viloyati sardoriman. Shuningdek, Yosh ekologlar harakati kengashi a’zosi va «TopCoach 2026–2027» dasturi elchisiman. Qizlarning yetakchilik va intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan «Zamon Qizlari» va «SheLeads» loyihalariga asos solganman. FIDE 46-xalqaro shaxmat olimpiadasi va «Challenge Triathlon Samarkand» kabi xalqaro tadbirlarda volontyorlik qilganman. «Prezident iqtidorli farzandlari» (PIF 2026–2028) dasturi ishtirokchisi bo‘lish, 15 yoshimda Prezidentimiz bilan uchrashish, Yaponiyaning «Goi Peace Foundation» xalqaro yoshlar tinchlik elchilari dasturida qatnashish va «Yangi O‘zbekiston iftixori» ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lish men uchun muhim yutuqlardir. Shuningdek, respublika va xalqaro oromgohlarda qatnashganman. Men uchun unvonlar maqsad emas, mas’uliyatdir. Maqsadim — tajribam orqali jamiyatga xizmat qilish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish.

Mening yo'lim

Tashqaridan yutuqlarim oson erishilgandek ko‘rinishi mumkin, ammo buning ortida ko‘plab qiyinchiliklar bor. Eng avvalo, maktab darslari va jamoat ishlarini muvofiqlashtirish oson bo‘lmagan. Tadbirlar sabab qoldirilgan darslarni mustaqil o‘zlashtirishga to‘g‘ri kelgan. Jazirama issiq va qahraton sovuqda soatlab volontyorlik qilish, tadbirlarni tashkil etish jismonan charchatardi. Shunga qaramay, uyga qaytgach, sertifikat imtihonlariga tayyorlanish va bilimlarimni mustahkamlashda davom etardim. Yirik loyihalarda ko‘pincha eng yosh ishtirokchilardan biri bo‘lganman. Shu sababli qobiliyatimga shubha bilan qaraganlar ham uchragan. Biroq bunday munosabat meni to‘xtatmadi. Aksincha, o‘z imkoniyatlarimni so‘z bilan emas, amaliy harakatlarim va natijalarim bilan ko‘rsatishga undadi. Bugun tushunamanki, bu tajribalar meni yanada mas’uliyatli va qat’iyatli bo‘lishga o‘rgatdi. Yoshimni bahona qilmasdan, qiyinchiliklarni rivojlanish imkoniyatiga aylantirishni o‘rgandim.

Yutuqlari va hissasi

Erishgan natijalarim tinimsiz mehnatim samarasidir. Prezident bilan uchrashib, Samarqand yoshlari nomidan loyihalarimni taqdim etganman. 2 800 dan ortiq talabgor orasidan saralanib, «Prezident iqtidorli farzandlari» (2026–2028) dasturiga qabul qilinganman. Raqamli fuqarolik haqidagi maqolam uchun «Yangi O‘zbekiston iftixori» ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lganman. Yaponiyaning «Goi Peace Foundation» xalqaro yoshlar tinchlik elchilari dasturida delegat, V Xalqaro Ekologiya qurultoyi va O‘zbekiston bolalar tashkilotining XXIV anjumani ishtirokchisi bo‘lganman. 14 yoshimdan viloyat sardoriman. «Zamon Qizlari» va «SheLeads» loyihalarim orqali yuzlab qizlarni qo‘llab-quvvatlaganman. Yoshlar tashabbuslarini 10 dan ortiq teleko‘rsatuvda yoritganman. «BirMillat» Samarqand viloyati koordinatori sifatida maqsadim — barcha tumanlardagi iqtidorli yoshlarni birlashtirish. Ular uchun tajriba almashish, hamkorlik qilish va real loyihalar yaratish imkonini beradigan kuchli hamjamiyat shakllantirmoqchiman.

Reyting

Yuklanmoqda…

BirMillat'da yozing

Shaxlo Ashurqulova bilan BirMillat ichida to'g'ridan-to'g'ri suhbat boshlanadi